Bilim Yurti Tarixi

ILM MASKANI
Ilm bir chiroqdurkim, seni rohat va farog’atga hech bir zahmatsiz yetkazadi»
(Abu Lays Samarqandiy)

Samarqand 1-son pedagogika kolleji Respublikadagi eng ko’hna, nufuzli ilm dargohlaridan biri bo’lib, 1927-yilda o’z faoliyatini chalasavodlikni bitirishdan boshlagan. Dastlab chalasavodlikni bitirish (ChB) kursini 13 ta xotin-qiz tamomlagan. Keyinchalik erkaklar va xotin-qizlar bilim yurtiga aylantirilgan. Uning tarkibidan erkaklar bilim yurti (hozirgi Siyob sport va pedagogika kolleji) ajralib chiqqan.

O’zbekiston xalq maorifi komissiya-rayosatining 1943-yil 8-sentabrdagi 937-buyrug’iga asosan Samarqand Xotin-qizlar bilim yurtiga aylantirilgan va unga «Boshlang’ich sinf o’qituvchisi», «Maktabgacha ta’lim — tarbiya muassasalari uchun tarbiyachi», «Kutubxonachi» mutaxassislari tayyorlangan. Keyinchalik esa «Maktabgacha tarbiya» mutaxassisligi (hozirgi Samarqand shahar pedagogika kolleji) ajralib chiqqan.

1946-yilda bilim yurtiga K.D.Ushinskiy nomi berilgan, 1996-yildan esa 1-son Samarqand pedagogika bilim yurti deb atala boshlandi.

  • Kollejni eski o'quv binosining ko'rinishi
  • Talabalar dars jarayonida va sport maydonchasida
  • Talabalar dars jarayonida va sport maydonchasida
  • 1946-yilda bilim yurtiga K.D.Ushinskiy nomi berilgan, 1996-yildan esa 1-son Samarqand pedagogika bilim yurti deb atala boshlandi.
  • Shahar faollari ishtirokida kollejning ochilish marosimi

2001-yilning 12-iyuldan boshlab bilim yurti O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 253-sonli qaroriga binoan Samarqand 1-son pedagogika kollejiga aylantirildi. 2005 yilning dekabridan kollej yangi qurilgan va rekonstruksiya qilingan muhtasham binoga ko’chib o’tdi.

Kollejning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, o’qituvchilar malakasini oshirish, o’quvchilarga ta’lim olish, dars tayyorlash, yashash va dam olishlariga to’liq sharoitlar yaratilgan.

Kollej uchun dasturil amal bo’lgan «Davlat tili to’g’risida»gi, «Ta’lim to’g’risida»gi qonunlar, «Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi», Davlat ta’lim standartlari (DTS), O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim Vazirligi va o’rta maxsus kasb hunar ta’lim Markazining qaror va yo’riqnomalariga, Samarqand viloyati hokimligi o’rta-maxsus kasb-hunar ta’limi boshqarmasi buyruqlari hamda kollej Nizomiga asoslanib faoliyat yuritadi.

Bugungi kunda kollejda O’zbekiston Respublikasi fuqarolarini grant va to’lov-shartnoma asosida kunduzgi va IChAH bo’limlarida quyidagi mutaxassisliklar: boshlang’ich sinflarda ta’lim-tarbiya tashkilotchisi, maktabdan va sinfdan tashqari tarbiyaviy ishlar va boshlang’ich sinflarda jismoniy tarbiya rahbarlari tayyorlanib jamiyatimiz istiqboliga o’z hissasini qo’shadigan kichik mutaxassislarni yetkazib bermoqda. Ta’lim muassasasida 150 ga yaqin pedagog-muhandislar o’quvchilarga ta’lim-tarbiya berib kelmoqda.

Ularning 98% i oliy ma’lumotli, qolgan qismi esa o’rta maxsus ma’lumotga ega bo’lgan muhandis-pedagoglardir. Xususan, 3 nafar fan nomzodi, 21 ta bosh o’qituvchi, 22 ta yetakchi o’qituvchi va 24 ta katta va mutaxassis o’qituvchilar faoliyat yuritmoqda. Kollejda 2000 ga yaqin talabalar bilim olmoqda. Bilim olish uchun zamon talablari asosida jihozlangan 63 ta o’quv xonalari, sport zal, axborot resurs markazi, 2 ta kompyuter xonasi, 1-ta axborot texnologiyasi xonasi, 2 ta laboratoriya xonasi, 2 ta lingofon xonasi, o’quv-ustaxonalari, 200 kishiga mo’ljallangan oshxona, tibbiyot xonalari hamda 210 o’rinli turar joy (yotoqxona) talabalar xizmatida.